O'zbekistondagi Amerika Savdo Palatasi (AmCham Uzbekistan) va "Commonwealth Partnership Uzbekistan" konsalting kompaniyasi ko'magida va tashabbusi bilan ko'chmas mulk qo'mitasi tuzildi.


Qo'mitaga AmCham Uzbekistan a'zolari – O'zbekiston Respublikasi biznesining turli yo'nalishlari, yirik qurilish kompaniyalari, chakana savdo tarmoqlari, tijoriy ko'chmas mulk, biznes boshqaruvi, investitsiyalar va huquq sohalaridagi konsalting kompaniyalari vakillari kirdi. Qo'mita raisi etib CMWP Uzbekistan bosh direktori, hamkori Denis Sokolov tayinlandi.

 

AmCham Uzbekistan homiyligidagi Qo'mitaning maqsadi – O'zbekiston ko'chmas mulk bozorini rivojlantirishdan manfaatdor ekspertlar uchun professional platforma yaratish; mamlakat bozorida xalqaro standartlarni joriy etish, rivojlantirish va targ'ib qilish; qonunchilik va tartibga solish darajasiga takliflar ishlab chiqish. Qo'mita bozorning dolzarb masalalarini muhokama qilish va birgalikda yechim topishdan manfaatdor AmCham a'zolarini birlashtiradi.

 

AmCham huzuridagi Ko'chmas mulk qo'mitasi notijorat tashkilot bo'lib, u vositachilik, baholash yoki boshqa tijoriy faoliyatni amalga oshirmaydi.

Qo'mitaning faoliyat asosida quyidagi missiya yotadi:

∙ Mamlakat tijoriy ko'chmas mulk bozorida xalqaro standartlarni joriy etish va targ'ib qilishga ko'maklashish

∙ Tijoriy ko'chmas mulk bozorining ishtirokchilariga – ijarachilar, mulk egalari, quruvchilar, investorlarga professional axborot yordami ko'rsatish

∙ Bozor shaffofligini mustahkamlash va sohaning eng yaxshi jahon amaliyotlarini targ'ib qilishga ko'maklashish

∙ O'zbekistondagi Amerika Savdo Palatasining O'zbekiston ishbilarmon doiralari va mamlakatdagi Amerika biznesi vakillari o'rtasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun ishonchli hamkor sifatidagi rolini mustahkamlash.

 

O'zbekistondagi Amerika Savdo Palatasi – 1997 yilda xorijiy biznes hamjamiyati a'zolari tomonidan tashkil etilgan, AQSh, Yevropa, MDH davlatlaridan 140 dan ortiq kompaniyalar va investorlar vakillarining ixtiyoriy, mustaqil birlashmasidir. Assotsiatsiyaning missiyasi – davlat-xususiy sektor muloqoti orqali O'zbekistonda xususiy sektor investorlarining imkoniyatlarini kengaytirish yo'li bilan biznesni rivojlantirish uchun qulay platforma yaratishdir.

 

Manba: Spot.uz, Kursiv