2025-yilda Toshkentda ofis ijarasi qancha turadi va nima uchun narxlar oshayapti?
A/A+ toifali biznes-markazlarda o‘rtacha stavka kv.m uchun 34,6 dollarni, B/B+ segmentida esa 26,4 dollarni tashkil etdi, bu yil boshiga nisbatan 9,5% ga yuqori.
Maslahatchi kompaniya Commonwealth Partnership Uzbekistan (CMWP) 2025-yil oktyabr holatiga ko‘ra Toshkent ofis ko‘chmas mulk bozoriga oid sharhini taqdim etdi. Spot ushbu tadqiqot bilan tanishib chiqdi (nusxasi tahririyatda mavjud).
Toshkent ofis ko‘chmas mulk bozori 2025-yilda taklifning doimiy bosimiga qaramay, faol rivojlanishda davom etmoqda. CMWP ma'lumotlariga ko‘ra, umumiy sifatli maydon hajmi deyarli 800 ming kv.m. ga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 8% ga ko‘pdir.
Ofis binolari ularning sifati, qulayligi va joylashuvini aks ettiruvchi A/A+ va B/B+ toifalarga bo‘linadi:
- A/A+ toifasi: ilg‘or qulayliklarga ega, yuqori sifatli qurilgan va nufuzli hududlarda joylashgan elita binolar;
- B/B+ toifasi: asosiy qulayliklarga ega, sifatli binolar, cheklangan byudjetga ega ijarchilar uchun mos, markazdan unchalik uzoq bo‘lmagan hududlarda joylashgan.
A toifasi: hajmi o‘sdi, lekin stavkalari emas
A toifali ofislarning umumiy hajmi (shu jumladan, binolar ma'lum bir ijarchi uchun qurilgan BTS formatidagi ob'ektlar) 300 ming kv.m. ga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 6,5% ga oshdi. Asosiy o‘sish 18,3 ming kv.m. maydonga ega 15 qavatli Pyramid BC biznes-markazining foydalanishga topshirilishi hisobiga bo‘ldi.
BTS hisobga olinmagan holda mavjud taklif o‘tgan yilgi 148 ming kv.m. ga nisbatan 166 ming kv.m. ni tashkil etdi. Taklif hajmi 2024-yilga nisbatan 12% ga oshdi.
O‘rtacha marketing stavkasi 1% dan kamroqqa oshib, oyiga 34,6 dollar ni tashkil etdi.
Bunda bo‘sh turgan maydonlar kamaydi — BTS hisobga olinsa 23,3% ga, BTS hisobga olinmasa 40,7% ga (2024-yil darajasidan 17,5% past). Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, asosiy cheklovchi omil — qo‘shimcha pardozlashni talab qiluvchi "quticha" holatidagi ko‘plab binolar mavjudligi.
B/B+ toifasi: faol qurilish va stavkalarning o‘sishi
B/B+ toifali ofislarning hajmi (BTS hisobga olinsa) 508 ming kv.m., BTS hisobga olinmasa — 413,4 ming kv.m. ni tashkil etdi. Yil davomida 35 ming kv.m. yangi maydonlar (+9,4%) foydalanishga topshirildi — ular orasida Order Plaza, Zarafshan City, Tashkent Business Center va Prestige Gardens bor.
Bo‘sh turgan maydonlar 20,7% ga oshdi, bu o‘tgan yilgi darajadan 8% yuqori.
O‘rtacha marketing stavkasi kv.m uchun 26,4 dollar ni tashkil etdi, bu yil boshidan beri 9,5% ga oshgan. Shu bilan birga, bitimlar bo‘yicha haqiqiy stavkalar ko‘pincha marketing stavkalaridan past bo‘ladi — ayniqsa yirik ijarchilar uchun yoki uzoq muddatli shartnomalar tuzilganda.
Ofis tanlashda avtoturargohlar muhim omil
A/A+ toifali biznes-markazlarda ko‘pincha yer osti avtoturargohlari mavjud. Shahar markazida pullik avtoturargohlar sonining ko‘payishi fonida, o‘ziga tegishli joylarning mavjudligi ofis tanlashda muhim ustunlikka aylanadi.
O‘rtacha koeffitsient — 89 kv.m. ga 1 ta joy, ijarasi esa oyiga taxminan $200 ni tashkil etadi. B toifali binolarda ochiq avtoturargohlar ustunlik qiladi — 137 kv.m. ga 1 ta joy, o‘rtacha $100 oyiga.
Ofislarni kimlar ijaraga oladi: IT, moliya va chakana savdo
100-300 kv.m. maydondagi ofis bloklariga eng katta talab kuzatilmoqda — barcha bitimlarning 81% i shularga to‘g‘ri keladi. Katta maydonlar kamroq ijaraga olinadi, ammo koverking va servis-ofis formatlariga bo‘lgan qiziqish barqaror o‘smoqda.
A va B+ toifali ofislarning asosiy ijarchilari orasida:
- savdo va distribyutsiya — 25%,
- IT va moliya — har biri 16%,
- farmatsevtika — taxminan 10%.
Amaldagi ijarchilar orasida Infinity Insurance, Yandex, Mitsubishi Power, Commerzbank, VISA (Trilliant va Tower 2 biznes-markazlarida) kabi kompaniyalar bor.
Kelajakda nimalar bo‘ladi?
CMWP ma'lumotlariga ko‘ra, yil oxirigacha 91,8 ming kv.m. yangi ofis maydonlari foydalanishga topshirilishi kutilmoqda, shundan 80,8 ming kv.m. A+ toifasiga to‘g‘ri keladi.
Loyihalar orasida:
- Tashkent City (lot 6, BOMI) — 40,6 ming kv.m.;
- Daho Koç Group — 30 ming kv.m.;
- Infinity Tower 2 (Golden House) — 10,1 ming kv.m.;
- Korea-Uzbekistan Business Center — 11 ming kv.m.
Bozor asosan "qurilish" holatida qolmoqda — "quticha" holatidagi maydonlar ulushi hali ham yuqori, ammo ko‘proq quruvchilar tayyor pardozlangan ofislarni topshira boshlamoqda.
Servis-ofislar va koverkinglarning rivojlanishi alohida tendensiyadir. Serviced offices — moslashuvchan ijara muddatlari va xizmatlar (internet, tozalash, qo‘riqlash, resepshn va boshqalar)ni o‘z ichiga olgan to‘liq jihozlangan ofislar. Hozirda ularning umumiy fonddagi ulushi kam, ammo talab o‘smoqda, stavkalari esa ko‘pincha A toifasidagilarga teng yoki undan yuqori.
«Servis-ofislar formatining o‘sishini hozircha bashorat qilish erta, chunki maydonlar kam va stavkalar, ko‘pincha A toifasidagilardan ham yuqori. Biroq, bu format dinamik rivojlanish uchun potentsialga ega», — deya ta'kidlaydi mutaxassislar.
CMWPda ushbu segment 2026-yilda sezilarli bo‘lishini kutishmoqda.
Avvalroq Spot yozgan edi, Toshkentda ofislar ijarasi stavkalari bozordagi yuqori raqobat tufayli pasayishi mumkin.
Manba: Spot.uz
Foto: Ilya Semendeyev / Spot


